Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Farmonga ko‘ra:

  • 2019−2020 yillarda “Yallama” va “S.Najimov” (Toshkent viloyati), “Do‘stlik” (Andijon viloyati), “Olot” (Buxoro viloyati);
  • 2020−2021 yillarda “Dout-ota” (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), “Madaniyat” (Andijon viloyati), “O‘zbekiston” (Farg‘ona viloyati), “G‘ishtko‘prik” va “Oybek” (Toshkent viloyati) bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallari, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi.
  • “Yagona darcha” tamoyili asosida bojxona, bank, logistika, tezkor-laboratoriya, fitosanitar, veterinar sanitar-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish bojxona terminallaridagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy funksiyalari hisoblanadi.

Farmon bilan bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda bojxona terminallarini qurish tarmoq jadvali tasdiqlandi.

Shuningdek, 2019 yil 1 fevraldan boshlab:

  • Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlari instituti joriy etiladi;
  • “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bojxona postlarida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha bepul asosda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning maxsus guruhi — “front-ofis” tuzish va uning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha dastlabki loyiha amalga oshiriladi.

2019 yil 1 martdan boshlab olib kiriladigan tovarlarning bojxona ko‘rigi uch oy davomida bojxona ko‘rigi protsedurasi videoyozuvi saqlanishini va Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparatining ulanishini ta’minlovchi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Farmon bilan barcha tovarlarga nisbatan eksport kontraktlarini davlat bojxona organlarida hisobga qo‘yish borasidagi talab bekor qilindi.