Prezidentning “Avtomobil yo‘llarini qurish va ulardan foydalanish sohasida ishlarni tashkil etishning ilg‘or xorijiy uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga binoan avtomobil yo‘llari xorij tajribasi asosida quriladi.

Xususan, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mita 2018 yil 30 dekabrgacha Germaniya tajribasini o‘rgangan holda xorijiy konsultant ishtirokini ta’minlaydi.

Rivojlantirish strategiyasi avtomobil yo‘llari sohasiga zamonaviy standartlar va texnologiyalarni joriy etish, 2020−2040 yillarda yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.

Hukumat avtomobil yo‘llari sohasida zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish, avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarini loyihalashda nemis kompaniyalari — “OBERMEYER Panen+Beraten GmbH”, “Lahmeyer Internetional GmbH”, “Lomb Ingenieurgesellschaft mbH”, “INROS LACKNER SE” va boshqalar bilan hamkorlik o‘rnatish uchun ishchi guruh tashkil etadi.

Qaror bilan:

  • Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga 2019 yil 10 fevralgacha avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash mazkazini tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifasi yuklandi;
  • Moliya vazirligi avtomobil yo‘llari sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish chora-tabirlarini ko‘radi.

2019 yildan boshlab yo‘l xo‘jaligida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olishni ko‘zda tutadigan tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Shuningdek qaror bilan 2018−2019 yillarda yo‘l qurilishi sohasida ilg‘or xorijiy uslublarni joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.