Toshkent shahar IIBB YHXBda brifing bo’lib o’tdi, unda 2019 yilning 1 yanvaridan beriladigan xalqaro pasport haqida so’z bordi, deb xabar beradi Spot muxbiri.

Kelgusi yildan boshlab chet elga chiqishga ruxsat olish uchun 2 yillik stikerni berish tartibi bekor qilinadi va uning o’rniga 10 yillik xorijiy pasportlar joriy etiladi.

“Lekin fuqarolar 2021 yil 1 yanvargacha viza talab qilinmaydigan mamlakatlarga amaldagi biometrik passport bilan chiqishlari mumkin. Viza talab etiladigan mamlakatlarga kelsak, u yerga chet elga chiqishga ruxsat olish uchun olingan stiker (muddati tugagunga qadar) bilan chiqish mumkin”, — deya Toshkent shahar IIBBda xabar berildi.

Xalqaro pasport 10 ish kuni ichida tayyorlanadi. Pasport olish uchun ish joyidan, o’qishdan yoki hududiy o’zini o’zi boshqarish organlaridan tasdiqlanadigan ariza blankasini bir nusxada topshirish kerak.

Bundan tashqari 3,5 sm x 4,5 sm fotosurat, pasport nusxasi, harbiy ro’yxatga olish va harbiy xizmatga chaqiruv guvohnomasi (harbiy xizmatga majburlar uchun) va EKIHning taxminan 150% miqdoridagi davlat boji to’lash kerak (e'lon qilingan paytda 304 955 so’m) bo’ladi.

Shunday qilib, pasportni olish stikerni olishdan ko’ra taxminan uch barobar qimmatroqdir (chop etilish davrida EKIHning 50% miqdorida davlat boji, ya’ni 101 365 so’m).