Toshkentda mobil konstruksiyali ko‘chma kitob do‘konlari o‘rnatilmoqda, deb yozadi O‘zMAA.

Do’kon haftada 6 kun, soat 9:00 dan 20:00 gacha ishlaydi va unda 2500 tagacha kitob va 200 turdan ortiq davriy matbuot nashrlari joylashtiriladi.

Birinchi bosqichda Toshkentning 20 ta bozorida shunday turdagi kitob do‘konlarini joylashtirish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, “O‘zdavkitobsavdota'minot” MCHJ hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan ushbu loyihaning afzalligi uning mobil konstruksiyasidir. Bu do‘konni istalgan vaqtda boshqa joyga oson ko‘chirish va yig‘ish mumkin.

“Kitob do‘koni ko‘chma bo‘lgani sababli yerga egalik huquqi berilmaydi va kadastr hujjatlari talab qilinmaydi. Soliq organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilib, kassa apparatlari va terminallar o‘rnatiladi, xolos”, — deydi “O‘zdavkitobsavdota'minot” MCHJ direktori Shahzod Nazarov.

Poytaxtning har bir tumanida va viloyat markazlarida — jami 250 ta do‘kon joylashtiriladi. Shundan 50 tasi 2019 yil oxiriga qadar o‘rnatiladi. Hozir Shayxontohur tumanida (“O‘zbekiston” nashriyoti oldida) va Olmazor tumanida (Tansiqboyev bozori qarshisida) namunaviy turdagi do‘konlar faoliyat olib bormoqda.