4 iyundan boshlab Tovar xomashyo birjasida chiroyli sonlar kombinatsiyasiga ega uyali telefon raqamlarini sotish bo‘yicha yangi savdo platformasi va mobilraqam.uzex.uz vebsaytini test rejimida ishga tushirdi. Bu haqda birja ma’lumotlarida keltirilgan.

Auksion predmeti deb sonlarning chiroyli kombinatsiyasiga ega abonentning uyali telefon raqamidan foydalanish huquqini sotib olish belgilangan.

Har bir lotning spetsifikatsiyasi va sotuvga quyilayotgan har bir raqamning tafsilotlari sotuvchi tomonidan belgilanadi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning toifasi (yuridik yoki jismoniy shaxs), sonlarning chiroyli kombinatsiyasiga ega abonentning uyali telefon raqami, lotning boshlang‘ich narxi va raqobatli tartibotning yakunlash muddati aniq ko‘rsatilishi shart.

Auksion onlayn-rejimda boshlang‘ich narxlarni ko‘tarilish tartibida buyurtmalar berilgan paytdan boshlab kamida ikki ish kuni muddati davomida o‘tkaziladi. Savdo jarayonida xaridorlar eng yaxshi narxdan yuqori darajadagi cheklanmagan miqdorda takliflarini berishlari mumkin. Berilgan har bir yangi narx taklifi auksionni qo‘shimcha 10 daqiqaga uzaytiradi. Bir vaqtning o‘zida sotuvchi kim oshdi auksion muddatini uzaytirishga haqlidir.

O‘z navbatida, savdo ishtiroklari auksionlar o‘tkazilayotgan paytda kelib tushayotgan barcha narx bo‘yicha takliflarni erkin kuzatib borishlari mumkin. Eng yuqori narx bergan xaridor elektron tizim tomonidan avtomatik tarzda aniqlanadi va savdo g‘olibi sifatida belgilanadi.

Auksion yakunlanganidan so‘ng birjaning axborot tizimi tuzilgan bitimni ro‘yxatga oladi va xaridordan komissiya to‘lovini yechib oladi. Birja xizmati uchun to‘lanadigan komission yig‘im tuzilgan bitim narxidan 3% miqdorida belgilangan.

Moliyaviy majburiyatlar to‘liq qoplangan sanadan boshlab 10 kun mobaynida rasmiylashtirish xaridorning aybi bilan ta’minlanmagan taqdirda, tuzilgan bitim qiymatidan 50% shartnoma majburiyatlari bajarmaganlik uchun jarimaga tortiladi, qolgan qismi esa xaridorga qaytariladi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Ilgari Spot Ucell’ning “chiroyli” raqamlari onlayn auksion orqali sotuvga qo’yilishi haqida xabar bergan edi.