Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekistondagi AQSH elchixonasi hamda Astana Business Campus bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi texnologik startap loyihalar uchun “Tech Centr Asia” akseleratsion dasturini ishga tushirdi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

“Tech Central Asia” keng miqyosli dasturi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘z ctartap loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni istagan yosh tadbirkorlar, talabalar, novatorlar va kashfiyotchilarga barqaror bizneslarini barpo etish va ularning keyingi rivojlanishiga ko‘mak beradi.

Dasturni amalga oshirish doirasida startaplarga texnik ekspertiza, mentorlik taqdim etiladi, tadbirkorlikka doir mavzular va ko‘nikmalar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiladi, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

“Tech Central Asia” dasturining eng yaxshi loyihalarini Innovatsion rivojlanish vazirligi grant mabalag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlashi ko‘zda tutilgan. Iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsiyalarga ehtiyojini inobatga olgan holda tanlovda qurilish, qishloq xo‘jaligi va “aqlli shahar” sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu maqsadda Vazirlik Nazarboyev universiteti, xorijiy ekspertlar va O’zbekistonning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda bo‘lajak ishtirokchilar uchun maxsus informatsion seminarlar o‘tkazadi.

Tanlov doirasida yaratilgan eng yaxshi texnologik yechimlar mualliflari Nur-Sulton shahridagi Nazarboyev Universitetida o‘tkaziladigan dasturning yakuniy Demo Day tadbirida ishtirok etish uchun taklif etiladi. Bu yerga taklif etilgan startapchilar o‘z g‘oyalariini amalga joriy etish uchun mablag‘ jalb etish, shuningdek, Nazarbayev Universiteti ABC Quick Start innovatsion klasterining akseleratsiya dasturiga ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Dasturda ishtirok etish uchun arizlar 3 iyulga qadar havola orqali qabul qilinadi. Dasturga loyihalarning tanlovi 6−7 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.