Markaziy bankda ichki valyuta bozoridagi joriy holat va almashuv kursi dinamikasi to‘g‘risidagi holatga izoh berildi.

So‘nggi kunlarda ichki banklararo valyuta bozori savdolarida almashuv kursi o‘zgaruvchanligining ortishi kuzatilmoqda. Xususan, 2019 yil 20 avgustdagi birja savdolarida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9384 so‘mni tashkil qildi.

Valyuta kursi holatidagi ushbu o‘zgarishlar valyuta bozorida mavjud talab va taklifning o‘zaro nisbatini inobatga olgan holda kursning keskin tebranishlari oldini olish maqsadida o‘rnatilgan joriy almashuv kursi tebranish koridorining bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.

Regulyatorda keltirilishicha, so‘nggi oylarda ayirboshlash kursi dinamikasi quyidagi omillar ta’sirida shakllandi:

Birinchidan, jahon iqtisodiyotidagi xatarlarning ortishi va tashqi savdo munosabatlarida o‘zaro kelishmovchiliklarning keskinlashuvi AQSh, Xitoy, Yevrohudud va boshqa mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishiga olib keldi.

Bunda, ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari bo‘lgan davlatlar moliya bozorlarida mazkur o‘zgarishlar milliy valyuta kursi o‘zgaruvchanligi va qadrsizlanishining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu mamlakatlardagi milliy valyutalarning qadrsizlanish darajasi inflyatsiya darajasidan yuqoriroq bo‘lib, bu o‘z navbatida, so‘m qadrining real ma’noda oshishiga olib kelmoqda.

Ikkinchidan, yuqoridagi omillar iqtisodiyotdagi investitsion va kreditlash faolligining oshishi bilan bir qatorda eksport “narxining ko‘tarilishi” va import jozibadorligining oshishi ko‘rinishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozorlarda narx raqobatbardoshligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Natijada, so‘nggi yillarda ichki valyuta bozorida talabning barqaror o‘sishi kuzatilmoqda.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ta’kidlashicha, kurs o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri — 1 oktyabrdan bir qator bojxona imtiyozlarning bekor qilinishi hisoblanadi. Bekor qilinayotgan imtiyozlar sababli bojxona imtiyozlariga ega tadbirkorlik subyektlari tobora ulardan foydalanish istagining ortib borayotgani — faol ravishda valyuta sotib olishi kursga ta’sir qilgan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Timur Ishmetov so‘zlariga ko‘ra, kursning xozirgi tebranishi muqarrardir. Hukumatning vazifasi — prognoz qilish va choralar ko‘rishdan iborat.

“Kursga cheklovlar bilan ta’sir qilish uchun qilingan har qanday urinish aks oqibatlarga olib keladi”, — dedi Timur Ishmetov.

Jahon iqtisodiyotining joriy rivojlanish tendentsiyasi sharoitida Markaziy bank valyuta kursi shakllanishiga tashqi omillar ta’sirining kuchayish ehtimoli mavjudligini inobatga oladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi hamda tashqi omillar ta’sirini kamaytirish va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muvozanatini ta’minlash maqsadida bozor mexanizmlaridan foydalanadi.

Xususan, Moliya vazirligi bilan birgalikda ekspansion kreditlash va fiskal siyosatini cheklash orqali inflyatsiya va valyuta kursiga qo‘shimcha bosimni pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘rib boriladi.

Ilgari Spot Markaziy bank endi valyuta sotish va sotib olish narxlarini belgilamasligi va O‘zbekiston banklari tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd valyuta sotuvi 21 avgustdan boshlanishi haqida xabar bergan edi.