Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2016-yil sentyabr oyida “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida qurilishi boshlangan “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” majmuasida barcha ishlar yakunlanib, 2020-yil 23-dekabr kuni ilk karbamid mahsuloti olindi. Bu haqda “O'zkimyosanoat” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Majmua Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Ishlab chiqarish texnologiyalari dunyoning eng yetakchi kompaniyalari, xususan,

  • ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha Daniyaning “Haldor Topsoe”;
  • karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha Italiyaning “Saipem” kompaniyasi;
  • karbamid granulyasiyasi bo‘yicha esa Germaniyaning “Uhde” kompaniyalari yetkazib berdi.



Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Loyiha to‘liq qo‘vvatga chiqqanda 1 trillion 428 mlrd. so‘mlik tovar mahsulot ishlab chiqariladi va kimyo tarmog‘ini 9,5 foizga o‘sishga olib keladi. Yiliga byudjetga 600 mlrd. so‘m miqdoridagi tushumlarini ta’minlaydi hamda 58,0 mln. dollarlik qo‘shimcha mahsulot eksport qilinadi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining karbamidga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari, Afg‘oniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.