O’zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi tomonidan o’tkazilgan “Turizm va mehmondo’stlik bo’yicha professional ta’lim” xalqaro onlayn yarmarkasi doirasida 1-fevralda mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tomonidan videokonferensiya formatida muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda Dunyo AA xabar beradi.

Maqsad Strathclyde universiteti va O’zbekistonning ixtisoslashtirilgan universitetlari o’rtasida kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik aloqalarini o’rnatish, shuningdek, turizm va marketingni rivojlantirish sohasida qo’shma tadqiqotlar o’tkazishdir.

O’zbekiston tomonidan- Turizm davlat qo’mitasining turizm sohasida kadrlarni tayyorlash va rivojlantirishga ko’maklashish bo’limi boshlig’i Alisher Eshtayev, Samarqanddagi “Ipak yo’li” xalqaro turizm universiteti prorektori O’tkirjon Yaxshiboev, Turizm bo’yicha davlat qo’mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti shuningdek, respublikaning turizm va marketing sohasidagi barcha kasb-hunar kollejlari mutasaddi vakillari ishtirok etdi.

Britaniya tomondan — Turizm sanoatida bandlik kafedrasi professori Tom Baum, Turizm kafedrasi katta o’qituvchisi va Ta’lim sifatini ta’minlash kafedrasi dekan muovini Kostas Tomazos, menejment o’qituvchisi, turizmni rivojlantirish bo’yicha mutaxassis Darren Makgayr va Strathclyde Donach Horgan universiteti ilmiy xodimi ishrirok etdi.

Buyuk Britaniya tomoni talabalar va o’qituvchilar almashinuvi (Exchange), sherik universitetlarning diplomlarini tan olish (Articulation), “ikki diplom” dasturlari kabi sohalarda o’zbekistonning ixtisoslashtirilgan universitetlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish masalasini o’rganishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun: Strathclyde universiteti 1796-yilda tashkil topgan bo’lib, Shotlandiyaning davlat universiteti hisoblanadi. 2019-yilda Times Higher Education xalqaro reytingiga ko’ra yil universiteti deb e’lon qilindi. 2020-yilda Strathclyde “QS World University Ranking” reytingida 300-o'rinni egalladi va Buyuk Britaniyaning eng yaxshi 40 ta universitetiga 35-o'rin bilan kirdi.