“O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ-4975-son, 03.02.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegram kanalida xabar beriladi.

Qaror bilan Milliy markaz tizimida quyidagilar tashkil etildi:

  • Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi.

Quyidagilar Milliy markaz tizimiga o‘tkazildi:

  • Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi huzuridagi Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti;
  • “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining “O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” mas’uliyati cheklangan jamiyatini davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etgan holda.

Milliy markazga qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori rahbarlik qiladi.

Tajriba-sinov tariqasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi OTMlarning kafedra mudirlari bir vaqtning o‘zida tegishli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-aprelgacha Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida Respublika agroxizmatlar, axborot maslahat (extension) markazi tashkil etiladi.

Shuningdek, qaror bilan 2022-yil yakunigacha Milliy markazning yuqori texnologiyalar asosidagi ko‘p tarmoqli Ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.