Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati rasmiy saytda xabar beradi.

Unga ko’ra, Andijon viloyatida bu yil umumiy qiymati 1 milliard 433 million dollar bo‘lgan 616 ta loyiha foydalanishga topshiriladi. Sohalar kesimida aytganda, ularning 258 tasi sanoat, 185 tasi xizmat ko‘rsatish, 173 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 10 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 95 million dollarlik import o‘rnini bosish hamda 265 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. 61 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.

Yangi loyihalar qatorida “Tetrateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Baliqchi tumanida to‘qimachilik kompleksi tashkil qilinmoqda. 2021−2022 yillarda to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning jami qiymati 126 million yevro.

Korxona ip-kalavadan boshlab tayyor trikotaj mahsulotlarigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Joriy yil oxirida ishga tushiriladigan birinchi bosqichda 2 ming 500 ta, barcha bosqichlar yakunida esa 10 mingta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, Andijon viloyatida umumiy qiymati 782 million dollar bo‘lgan 53 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.

Toshkent viloyatida bu yil 355 ta loyiha ishga tushiriladi. Umumiy qiymati 1 milliard 624 million dollar bo‘lgan mazkur proyektlarning 198 tasi sanoat, 81 tasi xizmat ko‘rsatish, 76 tasi qishloq xo‘jaligi sohasidadir.

Bularning samarasida qariyb 35 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvati yaratilib, 13 ming kishining bandligi ta’minlanadi. 48 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 42 million dollarlik eksportbop mahsuot ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, viloyatda 187 ta yangi investitsiya loyihasi rejalashtirilmoqda.

Masalan, “Metal produkt” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 25 million dollar evaziga Ohangaron shahrida metall mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Uning quvvati yiliga 60 ming tonna bo‘ladi. Joriy yil may oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada 150 kishi ish bilan ta’minlanadi.