O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev FAO rahbarining o‘rinbosari Vladimir Raxmanin va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori, FAOning O‘zbekistondagi vakili Viorel Gutsu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv natijasiga ko‘ra, FAO va O‘zbekiston o‘rtasida 17 million AQSH dollari miqdoridagi byudjetli 2021−2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat hadli dasturi imzolandi, shuningdek, jami 645 ming AQSH dollarilik 4 ta grant loyihasi tasdiqlandi.

Loyihalar 2021−2023 yillar mobaynida amalga oshiriladi. Bular:

“Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko‘rsatkichlar yordamida mustahkamlash” loyihasi (2021 yil fevral — 2022 yil dekabr, byudjet — 250 000 AQSH dollari) geografik ko‘rsatkichlar orqali mamlakatimizning qishloq hududlarini rivojlantirishga imkon tug‘diradi.

“O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi kartoshka sohasini tiklash va rivojlantirish” loyihasi (2021 yil fevral — 2023 yil yanvar, byudjet — 195 000 AQSH dollari) kartoshka ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish orqali O‘zbekistonning milliy oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan.

“Sholi ekinlarini ishlab chiqarish va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasining (2021 yil fevral — 2022 yil sentyabr, byudjet — 100 000 AQSH dollari)asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligini oshirish va mamlakatimizda sholichilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarning yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat.

“Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasidan (2021 yil fevral — 2022 yil avgust, byudjet — 100000 AQSH dollari) ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida inklyuziv siyosat yuritish natijasida qishloq joylarda yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek qishloq hududlarni rivojlantirish hamda qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirishdir.