Prezident Navoiy viloyatida hamda gidroenergetika tarmog‘ida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Joriy yilda Navoiy viloyatida 576 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Ularning umumiy qiymati 18 trillion 600 milliard so‘m. Sohalar kesimida aytganda, loyihalarning 200 tasi sanoat, 179 tasi xizmat ko‘rsatish, 197 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida.

Bularning natijasida qariyb 18 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 16 mingta ish o‘rin yaratiladi. 123 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlanib, 125 million dollarlik eksport ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, qurilish materiallari tarmog‘ida akril tosh, bazalt panellar, yog‘och tolali plitalar, pol va devor uchun qoplamalar, shisha mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, Zarafshon shahrida oyna korxonasini shu yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda 350 kishi mehnat qiladi.

Kimyo sanoatida 20 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, joriy yilda 9 tasi foydalanishga topshiriladi. Natijada talab yuqori yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, 430 dan ziyod kishining bandligi ta’minlanadi.

To‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalar ham istiqbolli. Xususan, joriy yilda barcha shahar va tumanlarda 28 ta korxona tashkil etilib, 5 ming 800 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilda gidroenergetika sohasida umumiy qiymati 1 milliard 420 million dollar bo‘lgan 16 ta loyiha rejalashtirilgan. Xususan, 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 587 megavatt elektr quvvati yaratiladi. Qolgan 5 ta loyihaga ko‘ra, mavjud stansiyalar modernizatsiya qilinib, ishlab chiqarish imkoniyati kengaytiriladi.

Avvalroq Spot, Prezident Prezident Jizzax viloyatidagi investitsiya loyihalari bilan tanishgani haqida xabar bergan edi.