Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 2020 yil 16 dekabrdagi “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish to‘g‘risidagi E’longa muvofiq, sotish jarayonining navbatdagi bosqichi yakunlandi. Bu haqida Davaktiv boshqarish agentligi Matbuot markazi xabar beradi.

Davlat tender komissiyasining qaroriga muvofiq, davlat ulushini sotish jarayonining ikkinchi bosqichiga o‘tkazilgan talabgorlar bilan Davlat aktivlari agentligi hamda Kompaniya o‘rtasida Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

Davlat ulushini sotish bo‘yicha moliyaviy maslahatchi — “Rothschild & Cie” investitsiya banki tomonidan talabgorlarga ikkinchi bosqich yuzasidan jarayon xati yuborilib, Kompaniyaning 2017, 2018 va 2019 yillardagi moliyaviy hisobotlari, biznes rejasi hamda Kompaniya faoliyatining moliyaviy, soliqqa oid, tashkiliy va huquqiy jihatlari batafsil bayon etilgan hisobotlar taqdim etildi.

Bugungi kunda, talabgorlardan Kompaniyani sotib olish bo‘yicha majburiy bo‘lmagan (indikativ) takliflar kelib tushdi.

Mazkur takliflar “Rothschild & Cie” investitsiya banki va “Dentons” yuridik firmasi bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, Davlat tender komissiyasining qarori bilan navbatdagi bosqichga o‘tkazildi.

Ayni paytda, talabgorlar foydalanishi uchun Davlat aktivlari agentligi tomonidan “KPMG” xalqaro audit kompaniyasi va “Dentons” yuridik firmasi bilan birgalikda Kompaniyaning moliyaviy, huquqiy, tashkiliy va boshqa axborotlarini o‘z ichiga olgan virtual ma’lumotlar bazasi yaratildi.

Jarayonning mazkur bosqichida talabgorlarga virtual ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda Kompaniyaga oid qo‘shimcha o‘rganishlarni o‘tkazish, Kompaniya taqdimotida ishtirok etish, Kompaniya rahbariyati bilan muloqot hamda savol-javoblar sessiyasi uchun imkoniyat beriladi.

Avvalroq Spot, kompaniyani xususiylashtirish davlatga qanday foyda keltirishi mumiinligi haqida agentlik intervyusiga asoslanib ma’lumot bergan edi.