Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raqamli “Baliqchi kartasi” (Fisherman ID) tizimini joriy etish bo‘yicha tijorat takliflarini qabul qilishni e’lon qildi.
Ijrochilar texnik topshiriq talablariga muvofiq ariza topshirishi, jumladan, tizim arxitekturasi, foydalanuvchi interfeysi dizayni hamda undan foydalanish tartibini (UI/UX) taqdim etishi kerak.
Fisherman ID quyidagi funksiyalarni o‘z ichiga oladi:
- baliq ovlash chiptalarini rasmiylashtirish, to‘lov tizimi va shaxsiy kabinet;
- baliq ovlash hududlari ochiq portali va reyestri;
- bron qilish va QR-kirish chiptalari tizimi;
- hamkorlar uchun shaxsiy kabinet;
- ichki marketpleys;
- billing va tahlil funksiyalariga ega administrator tizimi.
Tizim Android va iOS uchun mobil ilova ko‘rinishida ishlaydi. U Click, Payme, xarita platformalari, Telegram Bot API va boshqa xizmatlar bilan integratsiya qilinishi kerak.
Ishlab chiquvchi axborot xavfsizligini ta’minlash, tizimni qo‘mita serverlariga joylashtirish, testdan o‘tkazish, hujjatlarni tayyorlash va foydalanuvchilarni o‘qitish uchun ham javobgar bo‘ladi.
Qayd etilishicha, tizim ishga tushirilgandan so‘ng 12 oy davomida kafolatli texnik yordam ko‘rsatilishi ham nazarda tutilgan.
Arizalar ecotourismhunting@uznature.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi. Ariza topshirishning oxirgi muddati — 23-sentabr.
Avvalroq Spot Ekologiya qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov chiqindilarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.