2026-yilning yanvar-avgust oylarida tijorat banklari tomonidan 59,2 ming nafar fuqaroga ipoteka kreditlari ajratildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Sakkiz oyda uy-joy sotib olish uchun jami 18,3 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 trln so‘mga ko‘p.

Qayd etilishicha, ajratilgan kreditlarning 53% i erkaklar, 47% i ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yosh toifalari bo‘yicha kredit oluvchilarning 26% i 18−30 yosh, 64% i 31−50 yosh, 10% i esa 51 yoshdan yuqori bo‘lgan.

Kreditlarning asosiy qismi — 74% i yoki 13,6 trln so‘m birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘lar 43 757 nafar fuqaroga ajratilgan.

Qolgan 26% yoki 4,7 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ikkilamchi uy-joy bozoriga to‘g‘ri kelib, undan 15 422 nafar fuqaro foydalangan.

Ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari moliyalashtirish manbasiga qarab 16,9−21,6% oralig‘ida shakllangan.

Jumladan, Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarda stavka 16,9%, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari bo‘yicha 21,6%, bank mablag‘lari hisobidan esa 20,7% ni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng katta hajm Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan — 5,592 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (1,591 trln so‘m), Farg‘ona viloyati (1,264 trln so‘m), Qashqadaryo viloyati (1,303 trln so‘m) va Surxondaryo viloyati (1,112 trln so‘m) qayd etilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonati ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Ipoteka subsidiyasi bo‘yicha xabarnomaga ega fuqarolar bankda alohida omonat ochib, boshlang‘ich to‘lov uchun mablag‘ shakllantirishi mumkin.