Xitoy kompaniyasi Toshkent-Xorazm yo‘nalishi bo‘ylab elektromobillar uchun quvvatlash shoxobchalari tarmog‘ini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
18-sentabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Azizbek Isoyev Xitoyning China Southern Power Grid Industrial Development Group kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekistonda elektromobillar uchun zamonaviy quvvatlash shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish, jumladan, Toshkent-Xorazm yo‘nalishi bo‘ylab tegishli infratuzilmani yaratish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuvda quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aniq loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
