Joriy yil boshidan narxlar o‘sishi 4,1% ni tashkil etib, o‘rtacha oylik ko‘rsatkichi 1,0% ga teng bo‘ldi. Aprel oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1,5% ga qimmatlashdi. Yillik nisbatda Iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘sish sur’ati 10,7% ga yetdi. Bu haqda davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

2021-yilning aprel oyidagi qisqa muddatli umumiy INI o‘sishi tuzilmasida oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi ta’siri ustunligi davom etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi hisobiga oy davomida umumiy ko‘rsatkich 1,27% oshdi. Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari oshishi hisobiga oy davomidagi umumiy INI 0,14%, xizmatlar tariflari va narxlari oshishi hisobiga esa, yana 0,11% ga oshdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tovarlar va xizmatlar narxlari oshishining umumiy ta’sirida nooziq-ovqat mahsulotlar ta’siri ulushi 9,2% ni, aholiga pullik xizmatlar ta’siri ulushi 7,2% ni tashkil etdi.

Oziq-ovqatlar va spirtsiz ichimliklardan 2021-yil aprel oyida narxlar o‘sishi bo‘yicha yog‘-moy mahsulotlari sezilarli ustunlik bilan yetakchilik qilib, oy davomida 21,6% ga qimmatlashdi. Bundan tashqari, mevasabzavot mahsulotlari (3,0−4,6%) va shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (2,4%)ning narxi sezilarli darajada o’sdi.

Shuningdek, nazarda tutilgan vaqt mobaynida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (meva-sabzavotdan tashqari) oy davomida paxta (31,0%) va kungaboqar yog‘lari (26,5%), shakar (5,7%) hamda tuxum (3,7%) sezilarli darajada qimmatlashdi.