Yevropaning eng yirik banklari o‘zlarining to‘lov tizimini yaratish uchun €30 million ko‘proq mablag‘ to‘pladilar, ular Amerikaning Mastercard, Visa va Apple Pay xizmatlari bilan raqobatlashishi kerak.

Yevropaning 30 dan ortiq banklari va moliya kompaniyalari bozorda Amerikaning eng yirik xizmatlarini siqib chiqarishga qodir bo‘lgan to‘lov gigantini yaratish uchun €30 million yig‘di,deb yozmoqda Financial Times.

Mazkur yangi xizmat onlayn va oflayn to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va bankomatlardan naqd pul olish imkoniyatini berishi kerak.

“G‘oya — PayPal, Mastercard, Visa, Google va Apple kompaniyalariga qarshi tura oladigan, to‘lovlar bo‘yicha Yevropa chempionini yaratishdir”, dedi Yevropa to‘lovlari tashabbusi (EPI) rahbari Yoaxim Shmalzl.

Shmalzlning ta’kidlashicha, xizmatning birinchi xususiyatlari, shu jumladan foydalanuvchilar o‘rtasida onlayn o‘tkazmalar, 2022-yil boshida ishga tushirilishi mumkin; yilning ikkinchi yarmida bu funksionallikni kengaytirish rejalashtirilgan.

“Yevropada karta to‘lovlari asosan AQSh kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. EuroCommerce assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropadagi har besh operatsiyadan to‘rttasi Mastercard va Visa hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday ustunlik iste’molchilar va sotuvchilarga zarar yetkazishi mumkin”, — dedi Shmalzl.

EPI jamoasi to‘qqiz oy oldin loyiha ustida ish boshlagan. Xizmat ko‘rsatish rejasi sentyabrgacha ishlab chiqiladi, shundan so‘ng investorlar qo‘shimcha moliyalashtirishni talab qiladigan loyihaning keyingi rivojlanishiga sarmoya kiritishga tayyor yoki yo‘qligini hal qilishadi. Shmalzlning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus “bir necha milliard yevroni” talab qiladi.