Eʼtibor qiling: maqolada keltirilgan barcha maʼlumotlar faqatgina tanishtiruv maqsadida taqdim etilgan. Raqamlar taxminiy boʻlib, har bir alohida olingan holatga qarab farq qilishi mumkin.

Tatuirovka studiyasini noldan qanday ochish mumkin, buning uchun nima kerak va xarajatlarning qoplanish muddati qanday — Spot Artdom asoschilari Karina Muratova va Sabina Alieva bilan birgalikda ushbu mavzuga oydinlik kiritmoqda.


Nimadan boshlash kerak

Yaqin vaqtdan beri Oʻzbekistonda tatuirovka baykerlar (motohavaskorlar) va jinoyat olami vakillarining ajralmas qismi sifatida qabul qilinmay qoldi. Uning yordamida inson biron bir guruh yoki jamoaga mansubligini eʼlon qilmaydi, balki oʻz fikrlari va hissiyotlarini ifoda etadi, ichki dunyosini ochib beradi.

Karina va Sabina uch yil davomida Sankt-Peterburgning turli tatuirovka salonlarida ishladilar va oʻsha yerdan oʻzlarining biznes gʻoyalarini olib keldilar.

“Tatuirovka bizning sevimli mashgʻulotimiz edi. 2020-yilda karantin boshlanganidan keyin biz Toshkentga qaytish va oʻz ishimizni qanday davom ettirish haqida oʻylashimizga toʻgʻri keldi. Rostini aytsam, pandemiya bizning rejalarimizga salbiy taʼsir koʻrsatdi”, — deydi Sabina.

Ammo qizlar baribir oʻz studiyasini ochishga qaror qilishdi. Toʻqqiz oy oldin, oʻzining kichik rasmlari bilan nafaqat mijozlarga, balki oʻz asoschilariga ham zavq bagʻishlaydigan Artdom paydo boʻldi.

Rasmiyatchilik. Har qanday rasmiy biznes singari biz ham xususiy korxona ochdik, patent oldik va rasmiy muhrga ega boʻldik. Ushbu hujjatlarga qoʻshimcha ravishda majburiy tibbiy kitobchaning mavjudligi ham muhim ahamiyatga ega.

Foto: Artdom

Boshlangʻich xarajatlar. Taxminiy xarajatlar $10 mingni tashkil etadi, bu mablagʻ zarur uskunalar sotib olish hamda ijara va kommunal toʻlovlari uchun kerak boʻladi.

Boshlangʻich xarajatlarning taxminiy roʻyxati quyidagicha:

Obyekt

Summa (dollarda)

Ijara

700

Ta’mir

250

Mashinka va quvvat manbai

1000

Kreslolar

260

Printer

800

Ranglar

50 1 donasi uchun

Dizenfeksiya vositalari

40 (20 litr uchun)

Niqob va qoʻlqoplar

400

Reklama

300

Kommunal xarajatlar

300 dan

Ishbilarmon ayollar pulni tejash maqsadida studiyani oʻzlari taʼmirladilar, ichki interyerni yaratishda ularning doʻsti yordam berdi, u dizayn uchun bezaklarni tayyorladi.

Joylashuv. Koʻpchilik joylashuvning ahamiyati yoʻq, odamlar yaxshi usta xizmatidan foydalanish uchun uzoq masofaga borishga tayyor deb oʻylashadi. Lekin shuni yodda tutish kerakki, markazdagi joylashuv — studiyaning yonidan oʻtib ketuvchilar uni tezda tanib olishi va mijozlarning shaharning istalgan qismidan kelishi uchun ajoyib imkoniyat.

Artdomʼning birinchi studiyasi Grand Mir mehmonxonasiga yaqin Kohinur koʻchasidagi binoning podvalida joylashgan edi. U yerni ijaraga olish ancha qimmatga tushdi, chunki boshqa koʻpgina joy egalari tatuirovka saloni haqida eshitib, binolarni ijaraga berishdan bosh tortishdi.

“Baxtimizga, olti oy oldin biz Ozarbayjon madaniyat markazi yonidagi binoning ikkinchi qavatidan studiyamiz uchun munosib joy topishga muvaffaq boʻldik”, deb qoʻshimcha qilishdi muassislar.

Sterillash. Qoida tariqasida, ushbu sohada ustaning professionalligidan soʻng, sterillash asosiy omil hisoblanadi. Faqatgina sterillikni taʼminlaydigan membranasi boʻlgan vositalar (bir martalik ushlagichlar, ignalar va boshqalar) bilan ishlash katta ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, faqat har bir seansdan oldin ehtiyotkorlik bilan qadoqlashni talab qiladigan mashina steril boʻlmasligi mumkin.


Foto: Artdom

Xodimlar. Agar siz usta boʻlsangiz, dastlab oʻzingiz mustaqil ishlashingiz mumkin. Biroz vaqt oʻtgach, faoliyatni kengaytirishga qaror qilsangiz, kadrlarni izlashni oldindan boshlagan yaxshi.

“Hozircha ikkalamiz birgalikda yaxshi ishlamoqdamiz, shuni ham taʼkidlash kerakki, endi biz oldingisiga qaraganda ancha koʻp joy egallayapmiz. Shu sababli biz boshqa ustani taklif qilishni haqida oʻylayapmiz. Bizga Sabina va mendan koʻra boshqacharoq uslubda rasm chizadigan odam kerak, shunda odamlar bizning studiyamizning oʻzida tanlash imkoniyatiga ega boʻladilar”, — deydi Karina.

Reklama va xarajatlarning qoplanishi

Shaxsiy tatuirovka saloni — bu biznesning oʻziga xos turi. Ustalarning yuqori sifatli ishlariga doimo talab boʻladi, shuning uchun uni toʻgʻri amalga oshirish bilan yaxshigina daromad olish mumkin. Masalan, kichik studiya oyiga $300 dan pul topa oladi. Xarajatlarini qoplash muddati — oʻrtacha hisobda ikki yil.

“Hammasi mijozlar soni va targʻibot tezligiga bogʻliq. Tabiiyki, biz ish boshlaganimizda murojaatlar soni anchagina koʻp edi. Chunki mini-tatuirovka Oʻzbekistonda endigina paydo boʻlgan edi. Hozirga kelib, talab biroz kamaydi, shuning uchun biz hali ham frilanser sifatida ishlab turamiz”, — deya xulosa qildi Sabina.

Bunday studiyalar uchun har qanday jins va yoshdagi odamlar mijoz boʻlishi mumkin, ammo ular asosan 16 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan yoshlar orasida juda mashhur. Eng kichik tatuirovka kamida 400 ming soʻm turadi va u uchun seans taxminan 1−1,5 soat davom etadi.

“Yaqin vaqtgacha tatuirovka deganda odamlarning hayoliga qoʻpol va katta hajmdagi narsalar kelgan, shu sababli ular bizning juda nozik rasmlarimizdan hayratda edilar. Ehtimol, bu aholining ayol qismi bizga murojaat qilishining sabablaridan biri boʻlsa kerak”, — deya taʼkidlashadi tadbirkor ayollar.

Karina Oʻzbekistondagi muhim omillardan biri bu hamyonbop narx, deb hisoblaydi. Ijtimoiy tarmoqlarni reklama qilish ham muhim rol oʻynaydi — Instagram auditoriyaning 40 foizini jalb qilishga yordam berdi.

Birinchi qilinadigan ish — jozibali ijtimoiy tarmoq sahifalarini yaratish, ularni qiziqarli kontent bilan toʻldirish va oʻz ishlaringiz fotosuratlarini joylashtirish.

Foto: Artdom

Tatuirovka salonini tanlashda mijoz internetda maʼlumot qidiradi va boshqasi bilan solishtiradi. Shuning uchun yuqori sifatli veb-sayt ishlab chiqish, narxlar roʻyxatini shakllantirish, mazmunli portfolio va sharhlarni joylashtirish kerak.

“Maqsadli reklama (targeting) faqat Internetda, yaʼni Instagram va TikTok sahifalarida Karina tomonidan muvaffaqiyatli olib borildi. U yerda studiya ochilishidan oldin ham biz oʻz ishimiz, mijoz bilishi kerak boʻlgan tatuirovka tushirish jarayoni, studiyaning jozibador fotosuratlari va koʻplab foydali maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashib bordik”, — deb taʼkidladi Sabina.

Artdom ochilgandan soʻng, birinchi mijozlar uchun uyushtirilgan kichik aksiya boshqa koʻplab mijozlarni jalb qildi, keyin taniqli bloggerlar ham qiziqish bildirishdi. Karinaning fikriga koʻra, mamlakatda tatuirovka madaniyati unchalik rivojlangan va mashhur emas, bu orqali zaif va deyarli yoʻq boʻlgan raqobatni tushuntirish mumkin.

Qiyinchiliklar. Karinaning soʻzlariga koʻra, asosiy qiyinchiliklardan biri shundaki, Oʻzbekistonda koʻpchilik bu sohani tushunmaydi va uni sanʼat deb qabul qilmaydi. Mahalliy rassomlar faqat katta oʻlchamdagi bir xil tatuirovkalar qilish bilan shugʻullanishadi, mijozga mos tatuirovkani tanlashda maslahat va tavsiyalar berishdan qochishadi.

“Bundan tashqari, biz joy izlayotganimizda, koʻpchilik oʻz joyini tatuirovka studiyasi uchun ijaraga berishni istamasligiga duch keldik. Rasmiy roʻyxatdan oʻtganimiz sababli, katta moliyaviy xarajatlar soliqlarga toʻgʻri keldi. Hujjatlar bilan bir qatorda, baʼzi bir qiyinchiliklar ham yuzaga keldi — pandemiya sharoitida tibbiy kitobchani ochish juda qiyin va koʻp vaqt talab qiladigan vazifa boʻlib chiqdi”, — deydi Sabina.


Agar siz tadbirkor boʻlsangiz va oʻz tajribangizni boshqalar bilan baham koʻrishga tayyor boʻlsangiz, bizga info@spot.uz elektron manzilimiz orqali yozing. Bu bepul.