Yetti yuzga yaqin “shubhali” soliq to‘lovchilar aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Avval xabar berganimizdek, Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning murojaatlari asosida faoliyati shubhali, deb topilgan korxonalar bilan amalga oshirilgan bitimlarni o‘rganib chiqish uchun tezkor kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi xabarida qayd etilishicha, dastlabki uch bosqichda aniqlangan 578 ta shubhali korxona qatoriga to‘rtinchi bosqichda yana 96 ta korxona kiritildi.

Soliq to‘lovchilar o‘z faoliyati davomida lozim darajada ehtiyotkor bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida shubhali korxonalardan iborat yangilangan ro‘yxat Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.

Dastlabki bosqichlarda “shubhali”, deb topilgan 578 ta korxonaning soliq qonunchiligiga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida 7 ta korxonada “shubhali”, deb topilishiga asos bo‘lgan holatlar to‘liq bartaraf etildi. Shu bois, mazkur korxonalarni ushbu ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida xulosa qilindi. Shu tariqa hozirda ular soni 667 tani tashkil etmoqda.

Bugungi kunda 667 ta “shubhali” korxonalar kontragentlarida 98,1 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti tasdiqlandi.