Oʻzbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Anna Byorde bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi xabar bermoqda.

Jahon banki va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasidagi muzokaralar yakunida “Oʻzbekistonda suv taʼminoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qoʻllab-quvvatlash” loyihasi boʻyicha moliyaviy va grant bitimlari imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan $239 million miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar boʻyicha $7,8 million miqdoridagi granti ajratiladi.

Shuningdek, “Oʻzbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha moliyaviy bitimlar imzolandi. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan $50 million miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi.

Avvalroq Spot, Jahon banki konsalting kompaniyalar uchun tender eʼlon qilganligi haqida xabar bergan edi.