Chorshanba kuni Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻan mamlakatda foiz stavkalarni pasaytirish zarurligini yana bir bor taʼkidlagandan soʻng, turk lirasi taxminan 3% ga tushib ketdi.
“Bugun men Markaziy bank rahbari bilan gaplashdim. Foizlarni tushirish shart”, — dedi Turkiya rahbari TRT telekanaliga bergan intervyusida.
Unga koʻra, stavkaning pasayishi ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini kamaytiradi va narxlarning koʻtarilishini sekinlashtiradi.
Ayni paytda, Bloomberg rivojlanayotgan bozorlar orasida lirani eng yomon valyuta deb atamoqda, boisi u soʻnggi oylarda 16% ga qadrsizlandi. Nashrning taʼkidlashicha, davlat rahbarining xatti-harakatlari vaziyatni yana-da kuchaytiradi. Bundan tashqari, inflyatsiyaning darajasi Turkiyada allaqachon 17% ni tashkil etgan.
Koronavirus mamlakatning hukmron partiya pozitsiyalariga katta zarar yetkazgan, chunki bu davr mobaynida ishsizlik 13,1% ga koʻtarildi. Oʻtgan yili stavkaning muddatidan oldin pasayishi liraning “qulashi” va narxlarning koʻtarilishiga olib kelgandi, deya eslamoqda nashr.
Soʻnggi bir yil ichida Turkiyada oziq-ovqat mahsulotlari narxi taxminan 20% ga oshdi. Reuters ilgari ta’kidlaganidek, stavkalarni past darajada ushlab turish bu reytinglarni oshirishga qaratilgan siyosiy qaror, ammo iqtisodiy jihatdan bu valyuta inqiroziga olib kelishi mumkin.