Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-iyul kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda kimyo sanoatidagi loyihalar taqdimoti bilantanishdi.

O‘tgan davrda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodidagi ishlab chiqarish maydonlari 68 foizga maqbullashtirilib, uskunalardan foydalanish samaradorligi oshirildi.

Natijada mahsulot tannarxi 4 foizga pasaydi va qariyb 45 milliard so‘m iqtisod qilindi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazilib, 80−100 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlar narxlari 15−20 foizga arzonlashtirildi.

Minsk traktor zavodi bilan xamkorlik o‘rnatildi. Bu sheriklik doirasida O‘zbekistonda har yili 3 mingta traktor ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Toshkent shahrida joylashgan tarmoq korxonalarini Chirchiq shahriga ko‘chirish va ularning negizida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, Agregat zavodi, “Texnolog” va “O‘zKlaas Agro” korxonalari sanoat klasteri usulida yagona maydonda joylashtiriladi.

1 ming 200 ta uskuna va jihoz, 28 turdagi texnika optimallashtirilib, ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish 85 foizga, mahalliylashtirish 50 foizga yetkaziladi. Natijada ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga pasayib, korxonalarning rentabellik darajasi 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Moliya vazirligiga klasterni tashkil etish bilan bog‘liq dastlabki xarajatlar uchun 500 milliard so‘m ajratish vazifasi qo‘yildi. Bu mablag‘ tarmoq korxonalarining bino-inshootlari va maydonlari auksion savdolarida sotilishi hisobidan qaytariladi.

Prezident mahalliylashtirish borasidagi ishlarni davom ettirib, texnikalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladigan traktorlarni mahalliylashtirish darajasini kelgusi yil 40 va 2023 yilda 50 foizga, “O‘zKlaas Agro” bo‘yicha bu ko‘rsatkichni 25 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, mahalliy texnikalarni sotib olishi uchun fermer xo‘jaliklari va klasterlarga yengillik yaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda lizingning boshlang‘ich to‘lovini 25 foizdan 15 foizga va foiz stavkasini 16 foizdan 7 foizga tushirish hamda lizing muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

Kimyo

“Navoiyazot” AJ negizidagi klasterda umumiy qiymati 3 milliard 400 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning samarasida yiliga 1 milliard 800 million dollarlik mahsulot tayyorlash quvvati va 3 ming 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Loyihalardan biri — karbamid-formaldegid konsentrati va smolasi ishlab chiqarish korxonasi yaqinda ishga tushirildi. Sulfat kislotasi bo‘yicha yana bir loyiha ham shu yil foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, Navoiy shahridagi “Elektrokimyozavodi” qo‘shma korxonasida uglerod tolalari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.