Ayni paytdagi dunyoning eng boy odami, Amazon asoschisi — Jeff Bezos oʻz havo kemasida orbitaga chiqqan tarixdagi ikkinchi milliarderga aylandi. 9 kun oldin Richard Brenson ham shaxsiy kemasida koinotga borib kelgandi. Shu tariqa, insoniyat kosmik turizmga start bermoqda.

20-iyul kuni dunyoning eng badavlat kishisi Jeff Bezos oʻzi asos solgan Blue Origin kompaniyasining New Shepherd kemasida kosmosga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi.

Texas shtatidan amalga oshirilgan parvoz mahalliy vaqt bilan tong soat 09:10da (Toshkent vaqti bilan 18:10) boshlanib, 10 daqiqa-yu 18 soniya davom etdi.

Bu vaqt davomida raketa toʻrt kishi joy olgan kapsulani quyi orbitaga olib chiqdi. Shundan soʻng avvaliga raketa belgilangan nuqtaga qaytib qoʻndi, maʼlum muddat vaznsizlik holatida boʻlgan kapsula bir ozdan keyin parashyut yordamida yerga qaytib tushdi. Har ikkala qoʻnish ham muvaffaqiyatli boʻldi.

Ekipaj va rekord

Kema ekipajida milliarderdan tashqari uning akasi Mark; kosmik parvozlar boʻyicha tarixdagi birinchi ayol instruktor, 82 yoshli Uolli Fank va niderlandiyalik 18 yoshli talaba Olive Deymandan iborat boʻldi.

Butun dunyo milliarderlar oʻrtasida fazoni zabt etish poygasi boshlanganini yozmoqda. Bundan bor-yoʻgʻi 9 kun oldin britaniyalik Richard Brenson oʻzining Virgin Galactic kompaniyasi kemasida dengiz sathidan 90 km balandlikka chiqqandi, bugun Bezos uni kamida 10 km masofaga ortda qoldirdi.

Xalqaro standart kosmosning boshlanish chegarasini dengiz sathidan 100 km deb hisoblaydi, biroq NASA buni 80 km deb qabul qilgan.

Demak, navbat kimga? Ha, endi navbat Ilon Maskka. Shu tariqa kosmosni ham zabt etish boshlandi.