ERI (elektron raqamli imzo) — imzoning yopiq kalitini qoʻllagan holda axborotning kriptografik oʻzgarishi natijasida olingan va imzoning shakllanish vaqtidan boshlab elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlovchi hamda imzo kaliti sertifikatini imzo egasiga taalluqliligini tekshiruvchi elektron hujjatning rekviziti hisoblanadi.

Yuridik yoki jismoniy shaxslar Davlat soliq qoʻmitasi roʻyxatdan oʻtkazish markazining davlat xizmatlari rasmiy veb-sayti e-imzo.uz dan foydalangan holda ERI olishi mumkin.


Birinchi qadam. Elektron-soʻrovnoma shakli toʻldiriladi.


Elektron-soʻrovnoma shaklida “Yuridik shaxs” yoki “Jismoniy shaxs” maqomi tanlanadi.


Soliq toʻlovchi (jismoniy shaxs)larning identifikatsiya raqamini (STIR) berish bekor qilinishi munosabati bilan soliq toʻlovchilarni soliq organlarida roʻyxatga olish JSHSHIR — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami orqali amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxs tegishli oynada belgilangan qatorga 14 raqamdan iborat JSHSHIRni kiritadi.


Shundan soʻng arizachi nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqami kiritiladi. Ariza toʻldirilgan soʻng koʻrsatilgan telefon raqamiga SMS shaklida tasdiqlash kodi yuboriladi.

Ekranda belgilangan qatorga ushbu kod kiritilib, ariza va telefon raqami tasdiqlanadi.

Ikkinchi qadam. Shundan soʻng keyingi shakl paydo boʻladi. Bu yerda yopiq kalit va parol shakllanadi.


Arizachi pasport nusxasi fayli va ochiq holatdagi pasporti bilan tushgan suratini ilova qilib biriktirishi lozim.

Ilova qilinayotgan faylda murojaatchi yuz qiyofasi “anfas” shaklda va tiniq koʻringan hamda pasportning asosiy sahifasi barcha simvollari oʻqib boʻladigan sifatda boʻlishi shart. Foto hajmi 5 MB dan oshmasligi lozim. Barcha qatorlar toʻldirilgandan soʻng “pfx faylni yaratish va davom etish” tugmasi bosiladi.


Ushbu shaklda kiritilgan kalit parolini esda saqlab qoling.

Shundan soʻng, tizim kiritilgan maʼlumotlar asosida elektron soʻrovnoma shakllantiradi. Soʻrovnoma bilan batafsil tanishib chiqib, maʼlumotlar toʻgʻri kiritilganligiga ishonch hosil qilgandan soʻng “Soʻrov yuborish” tugmasi bosiladi. Bu bosqichda elektron ariza toʻldirish yakunlanadi.

Yuborilgan anketa davlat xizmatlari markazi operatori tomonidan 1 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

e-imzo.uz saytida “Arizani qidirish” boʻlimi orqali ariza holatini tekshirish mumkin. ERI sertifikatini berishda ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, murojaat etuvchiga arizada koʻrsatilgan telefon raqamiga SMS-xabar yuboriladi.


Arizachi “Arizani qidirish” boʻlimiga kirib qabul qilingan elektron sertifikatni tasdiqlashi lozim. “Tasdiqlash” tugmasi bosilgandan soʻng ERI kaliti beriladi. U orqali barcha interaktiv va davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin. Ariza koʻrib chiqish jarayonida muayyan sabablarga koʻra rad etilishi ham mumkin.

Qoʻshimcha savollar tugʻilganda 71 202−32−82 yoki 1198 raqamiga murojaat qilish tavsiya etiladi.