Prezident farmoniga binoan, 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab oʻzbekistonliklar ID-karta va xorijga chiqish pasportini tuman (shahar) IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari bilan bir qatorda Davlat xizmatlari markazlari orqali ham olishlari mumkin boʻladi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2022 yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning ID-kartasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni, shu jumladan, Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, 2021-yil 1-dekabrdan boshlab litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlarida milliy valyutada belgilangan toʻlovlar BHMning 10% gacha miqdorda belgilanadi.

Bunda, QR-kod qoʻyilgan litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatlarini berish uchun toʻlov undirilmaydi.

Avvalroq Spot 2021-yilning 1-avgustidan boshlab Oʻzbekiston qonunchiligida roʻy beradigan oʻzgarishlar haqida yozgan edi.