Dunyoning eng yirik kompaniyalari 2021-yilning II choragi boʻyicha moliyaviy hisobotlarini ochiqladilar. Pandemiya boʻlishiga qaramay, natijalar barcha kompaniya uchun ijobiydek koʻrinmoqda. Biroq baʼzi muammolar keyingi moliyaviy natijalarga taʼsir oʻtkazishi mumkin.

Xoʻsh, ushbu chorakda qaysi kompaniya eng katta foyda oldi, demak buni raqamlarda koʻrib chiqamiz:


Apple

Apple hisobotida aytilishicha, aprel, may va iyun oylarida kompaniyaning daromadi $81,43 mlrd ga koʻtarildi. Sof daromad esa $21,74 mlrd ga yetdi (avvalgi yilda $11,25 mlrd edi) va har bir aksiya uchun daromad $0,65 dan $1,30 gacha koʻtarildi.

IPhone sotishdan tushadigan daromad 49,78% ga oʻsib, $26,41 mlrd dan — $39,57 mlrd ga oʻsdi. Mac daromadlari $7 mlrd dan — $8,24 mlrd ga oʻsdi. Pad sotuvi esa kompaniya daromadlarini yana $7,37 mlrd ga oshirdi.

Sof foyda — $21,74 mlrd.


Microsoft

Yakunlangan chorakda Microsoft kompaniyasining daromadi $46,15 mlrd ga oʻsdi. Kompaniyaning chorakdagi sof daromadi $16,45 mlrd ga koʻtarildi, bunda har bir aksiya $2,17 ni tashkil etgan.

Sof foyda — $16,45 mlrd.


Facebook

Facebook mazkur davrdagi daromadi oʻtgan yilga nisbatan 56% ga oʻsib, $29,07 mlrd ni tashkil etdi, shundan $28,58 mlrd (98%) reklama ortidan kelgan daromaddir.

Sof daromad oʻtgan yilga nisbatan 101% ga oʻsib, $10,39 mlrd ni tashkil etdi. Daromadning koʻtarilishiga reklama narxlarining 47% ga qimmatlashishi sabab boʻldi.

Kompaniyaning taʼkidlashicha, uchinchi chorakdagi daromadga platformadagi talablar, xususan maʼlumotlar yigʻish qoidalarining oʻzgarishi (iOS yangilanishi) taʼsir qilishi mumkin.

Sof foyda — $10,39 mlrd.


Samsung

Smartfonlar va xotira chiplari ishlab chiqaruvchisi boʻlgan Samsung Electronics-ning sof foydasi $8,67 mlrd ni tashkil qildi, bu 2020-yilning shu davriga nisbatan 73% ga koʻpdir. Daromad 20% ga oʻsib, $55 mlrd ga yetdi.

Sof foyda — $8,67 mlrd.


Tesla

Teslaning 2021-yil II choragi boʻyicha hisobotidan quyidagilar ma’lum:

Daromad oʻtgan yilga nisbatan 98% ga oʻsib, $11,96 mlrd ga yetdi. Sof daromad (GAAP) ikkinchi chorakka nisbatan 998% ga oʻsdi va $1,14 mlrd ni tashkil etdi.

Kompaniya ilk marta bir chorak davomida $1 mlrd dan ortiq sof foyda koʻrgan.

Sof foyda — $1,14 mlrd.


Twitter

Twitter-ning daromadi 2020-yilning shu davriga nisbatan 74% ga oshib, $1,19 mlrd ga yetgan.

Kompaniyaning taʼkidlashicha, bu 2014-yildan beri eng tez oʻsish boʻlib, natijalar reklama beruvchilar tomonidan talabning sezilarli darajada oshishi bilan bogʻliq.

Sof foyda — $66 mln.

Taqqoslash uchun: kompaniya 2020-yilning xuddi shu davrini $1,38 mlrd sof zarar bilan yakunlagandi.