Davlat statistika maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida yirik sanoat korxonalari tomonidan 5 807,2 ming tonna portlandsement ishlab chiqarilgan.

Bu oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan 123,0% ni tashkil etadi.

Yirik sement ishlab chiqarish korxonalari tomonidan respublika miqyosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning hajmidagi eng yuqori ulush Toshkent (42,3%), Navoiy (32,2%), Jizzax (13,0%) va Fargʻona (8,5%) viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Maʼlumot uchun, portlandsement — bu barcha mamlakatlarda eng koʻp ishlatiladigan sement turi boʻlib, sement klinkeri, gips va qoʻshimchalarni birgalikda silliqlash natijasida olinadigan gidravlik bogʻlovchidir.

Uning eng muhim xossasi suv bilan aralashganda qotish xususiyatidir. Bu xususiyati marka bilan belgilanadi, Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan portlandsementning markasi 300 dan 600 gacha boʻlib, marka qancha yuqori boʻlsa, material shuncha sifatli hisoblanadi.