2021-yil 19-avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlar amalga oshiriluvchi Toshkent-3 aeroporti (terminali) texnik sabablarga koʻra nomaʼlum muddatga yopiladi. Bu haqda Uzbekistan Airways xabar bermoqda.

Respublika boʻylab amalga oshiriluvchi barcha aviaparvozlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan jadvalga muvofiq bajariladi.

Shu oʻrinda Transport vazirligining vaziyatga aniqlik kiritishicha, Shavkat Mirziyoyevning Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqotida Germaniya, Afgʻoniston va Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Toshkent aeroportidan tranzit sifatida foydalanish orqali evakuatsiya qilishni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Evakuatsiya tadbirlarining uzluksiz amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston tomonidan alohida terminal ajratilgan.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways Londonga muntazam aviaqatnovlarni tiklaganligi haqida yozgan edi.