Telegram asoschisi Pavel Durov oʻzining kanalida post qoldirdi. Unda bugungi kunda bizni qurshab olganlar kuchlar, odamlarni raqamli boshqarayotgan kompaniyalar haqida soʻz boradi. Pavel mana shu vaziyatdan jamiyatning pozitsiyasi, nimalar bilan chalgʻiyotgani haqida oʻz fikrini bildirgan.

Spot ushbu postni oʻzbek tilida havola etadi:

Bugungi kunda barchamiz zamonamiz yildan-yilga yaxshilanib bormoqda, degan taxmindamiz. Ammo individual erkinliklar haqida gap ketganda, vaziyat buning aksiligicha qolmoqda. Koʻpgina tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, insoniyat bir necha yillar avval hozirgidan koʻra erkinroq boʻlgan.

20 yil oldin bizda markazlashmagan Internet va nisbatan cheklanmagan bank tizimi mavjud edi. Bugungi kunda Apple va Google telefonlarimizdagi maʼlumot va ilovalarni senzura qiladi. Visa va Mastercard biz qanday tovarlar va xizmatlar uchun toʻlov qilishimizni nazorat qiladi, baʼzan cheklay oladi. Har yili biz oʻzimiz bilmaydigan qandaydir odamlarga (kompaniyalarga) koʻproq kuch va hayotimizni nazorat qilishni qoʻsh qoʻllab topshiryapmiz.

Koʻpchiligimiz oʻz xohishimiz bilan kuzatuv moslamalarini — telefonlarimizni olib yuramiz va kompaniyalarga shaxsiy maʼlumotlarimizdan foydalanib, bizni past sifatli koʻngilochar kontent bilan chalgʻitishlariga ruxsat beramiz. 20 yil avvalgidan farqli oʻlaroq, hozir bizni kuzatuv kameralari oʻrab turibdi. Masalan, Xitoyda AI kameradan foydalanilmoqda, undan hech qayerga yashirinishni iloji yoʻq.

2017-yilda Xitoy xarid qobiliyati borasida AQShni — dunyodagi eng yirik iqtisodiyotni ortda qoldirib, butun dunyoga iqtisodiy rivojlanish uchun individual erkinliklar shart emasligini koʻrsatib qoʻydi. Xitoyning bu “muvaffaqiyatiga” qarab, aksariyat mamlakatlar ham avtoritarlik tomon ketib qolyapti. Ularda soʻz va yigʻilish erkinligi kabi inson huquqlari cheklanmoqda.

Buni kim tuzatishi kerak

Bizning eng faol va kreativ zamondoshlarimiz oʻz kuchlarini boshqalarni uzoq vaqt oʻz qurilmalariga “yopishtirib” qoʻyadigan raqamli kontent ishlab chiqarishga sarflamoqda. Qolganlar esa yengil oʻyin-kulgilar bilan bu voqeliklarni tanqid qilish yoki chora koʻrishdan toʻsilgan, yaʼni ular chalgʻitilayotgandek koʻrinadi.

Buni koʻrib, bizdan avlodlarga nima meros qoladi, deb oʻylayman. Tarixga erkin jamiyatlarning antiutopiyaga aylanishiga yoʻl qoʻyganlar sifatida kiramizmi yoki bizni ham oldingi avlodlar kabi erkinlik uchun qattiq kurashgan sifatida eslaydilarmi…