Energiya zaxiralarining qimmatlashuvi va ko‘plab tovarlarning yetkazib berilishi bilan bog‘liq muammolar tufayli kelayotgan qish mavsumida butun dunyoda og‘ir inqiroz yuz berishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg jurnalisti Maykl Uinfri.

Muallifning ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasi insoniyat uchun ulkan inqirozni yuzaga keltirdi. Bu ko‘plab tovarlarni, jumladan, bug‘doydan tortib, kompyuter chiplarigacha yetkazib berishdagi muammolarda namoyon bo‘ldi.

Biroq bu yil ayrim mamlakatlarda yangi muammolar paydo bo‘lmoqda. Masalan, Britaniyada yonilg‘i tanqisligi kelib chiqdi, haydovchilar yetishmasligi sababli supermarketlarda rastalar bo‘shab qoldi.

“Lekin muammolar endi sayyoramizning boshqa mamlakatlariga ham tahdid solmoqda”, — deya ta’kidladi jurnalist.

Bu yilgi qishda Shimoliy yarim sharda yuzaga keladigan harorat rejimi turli bozorlarga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Agar meteorologlarning bildirayotgan eng yomon hisob-kitoblari rost bo‘lib chiqsa, unda energoresurslar yetishmasligi to‘laqonli inqirozga sabab bo‘ladi, deyiladi maqolada.

Muallifning ta’kidlashicha, resurslar uchun “janjal” bo‘ladi. Xitoy ko‘mir yetkazib berishni kvotadan ham oshirib ta’minlashga ko‘rsatma berdi.

Bu esa Yevropada gaz va elektrenergiyaning narxini rekord darajaga ko‘tarib yubordi. O‘z navbatida, Niderlandiyadagi qit’aning eng katta issiqxonasi yopildi, bu oziq-ovqat mahsulotlarining yetkazib berilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Fransiyada hukumat gaz tarifi oshirilishini taqiqlab qo‘ydi va elektrenergiyaga solinadigan soliqlarni qisartirdi. Bundan tashqari, butun dunyoda bug‘doy zaxirasi kamaymoqda, don yetishtirish prognozlari esa yomonloshmoqda.

Maqola so‘nggida Uinfri o‘tgan yilgi qish koronavirus pandemiyasi tufayli juda og‘ir kechganini ta’kidlab, bu yil ham vaziyatning yaxshi bo‘lishini kutmaslikka chaqirdi.