Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasiga koʻra, oshxonasi mavjud boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun arzon, sifatli va sogʻlom ovqatlanish jarayonini tashkil etish maqsadida, Xalq taʼlimi vaziriligi xulosasiga asosan umumiy ovqatlanish xizmati sohasida kamida ikki yillik tajribaga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga eng maqbul takliflarni tanlash orqali mazkur taʼlim muassasalari hududida oshxona faoliyatini yuritish uchun bino va inshootlar hamda yer maydonidan 5−10 yillik muddatga ijara toʻlovisiz foydalanish boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim muassasalari rahbarlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.

Bunda tadbirkorlik subyektlariga oʻquvchilar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar tayyorlash hamda ularni arzon narxlarda sotish, oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarning xavfsizligi va sifatini kafolatlash, oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarni tayyorlashda hamda oziq-ovqat xomashyosini saqlashda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya etish majburiyatlari yuklanadi.

Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hududida fuqarolar tomonidan noqonuniy qurilgan va tegishli hujjatlarsiz oshxonalar sifatida faoliyat olib borayotgan talab darajasida boʻlgan binolarni umumiy oʻrta taʼlim muassasasi balansiga olish, talab darajasida boʻlmagan binolarni buzish choralarini koʻradi.