10-noyabrda SpaceX kompaniyasining Crew Dragon-3 kemasi oʻz bortida 4 nafar astronavt bilan Xalqaro koinot stansiyasi tomon yoʻl oldi.

Kema orbitaga AQSh vaqti bilan 10-noyabr soat 21:03 da Falcon 9 raketasi yordamida Floridadagi Kennedi nomidagi koinot markazining 39A start maydonchasidan uchirilgan. Kema parvoz startidan 12 daqiqa 51 soniya oʻtib orbitaga chiqarilgan va oʻzi mustaqil ravishda koinot stansiyasi tomon yoʻl olgan.

Kema ekipaji tarkibidan NASA astronavtlari Raja Chari (sardor), Tom Marshbern (uchuvchi) va Kayla Berron hamda Yevropa koinot markazi (ESA) astronavti Mattias Maurer joy olgan. Ular stansiyada 2022-yil apreligacha faoliyat olib borishadi.

Kema XKSga AQSh sharqiy sohilboʻyi vaqti bilan 11 noyabr soat 19:10 da avtomatik ravishda tutashishi kutilmoqda.

9-noyabrda XKSdan Yerga Crew Dragon-2 kemasida NASA astronavtlari Megan Makartur va Sheyn Kimbro, ESA vakili Tomas Peske va Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) astronavti Akixiko Xoside qaytgan edi.

Crew Dragon-3 parvozi NASA dasturi va koinot agentligining SpaceX kompaniyasi bilan shartnomasi doirasida amalga oshirildi. Agentlikda taʼkidlanishicha, kemadagi har bir astronavt oʻrni $58 mln turadi.