Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bandlikni ta’minlashda eng katta sohalardan biri — qishloq xo‘jaligi. Kelgusi yilda paxta va g‘alladan bo‘shaydigan 80 ming gektar maydon aholiga ajratilishi belgilangan.

Meva-sabzavotchilik klasterlariga 2 trillion so‘m, shu sohadagi loyihalarga 100 million dollar, tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun yana 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Aholi tomorqasida dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun banklar tomonidan 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi.

Kelgusi yilda davlat investitsiya dasturi doirasida jami 18 trillion so‘mlikdan ziyod 1 ming 700 ga yaqin loyiha, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 22 milliard dollarlik 9 mingta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Ularning natijasida, mos ravishda, 135 ming va 305 mingta ish o‘rni tashkil etish maqsad qilingan.

Prezident bundan buyon dasturlar vazirlikda emas, mahallada shakllanishini, ularni hokimlarning yordamchilari o‘zi “mahallabay” tamoyili asosida ishlab chiqishi zarurligini ta’kidladi.

Kelasi yil xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan 2 milliard 200 ming dollar mablag‘ni o‘zlashtirish hisobiga 109 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning samarasida 28 ming aholi bandligi ta’minlanadi.