Davlat soliq qoʻmitasining xabar qilishicha, endi talabalar bilan tuzilgan koʻchmas mulk ijara shartnomalarini ham E-ijara interaktiv xizmatida hisobga qoʻyish mumkin.

Buning uchun bir nechta bosqichni bajarish lozim:

Ijaraga beruvchi ijara.soliq.uz saytiga kirib, “Ijaraga oluvchi toʻgʻrisida maʼlumot” oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JShShIRini kiritganda talabaga oid maʼlumotlar (F.I.O, taʼlim olayotgan oʻquv yurti, fakulteti, taʼlim shakli va bosqichi, shuningdek, doimiy roʻyxatga olingan manzili) avtomatik shakllanadi;

  • “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib, “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi;
  • “Tasdiqlash” tugmasini bosishdan avval ijaraga oluvchi talaba bilan birga turgan boshqa talabalarni ham “Qoʻshish” tugmasi orqali dasturga kiritish lozim;
  • Ijara shartnomalarining soliq organida hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada talaba va u bilan birga turuvchi talabalar haqida maʼlumotlar ham shakllanadi.

“Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qoʻyilganda ushbu maʼlumotlar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berishda oliy oʻquv yurtlariga qulaylik yaratadi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq Spot talabalarga ijara toʻlovining bir qismini qoplab berilishi haqida yozgan edi.