Toshkent shahrida 7ta yangi avtobus yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt transport boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar transport boshqarmasiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinib, jamoat transportiga ehtiyoji mavjud hududlar kesimida yangi yo‘nalish chizmalari ishlab chiqilgan.

Yo‘lovchi tashish huquqiga ega bo‘lgan tegishli litsenziyasi mavjud talabgor tadbirkorlarga o‘rnatilgan tartibda ushbu yo‘nalishlar biriktirib berilishi ma’lum qilingan.

Yangi avtobus yo‘nalishlari quyidagicha:

“Mashinasozlar” metro bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Barkamol mahallasigacha. Yo‘nalish masofasi — 14,3 kilometr;


“Chilonzor” metro bekatidan Uchtepa tumanidagi Birlik mavzesigacha. Yo‘nalish masofasi — 6,9 kilometr;


Sergeli tumanidagi “5-bekat” metro bekatidan Yangihayot tumanidagi Gulzor mahallasigacha. Yo‘nalish masofasi — 16,4 kilometr;


Yashnobod tumanidagi “Qo‘yliq dehqon bozori"dan Yangihayot tumanidagi Gulzor mahallasigacha. Yo‘nalish masofasi — 11 kilometr;


“3-bekat” metro bekatidan Yashnobod tumanidagi Mo‘ynoq ko‘chasigacha. Yo‘nalish masofasi — 8,3 kilometr;


“Yunusobod dehqon bozori"dan Yunusobod tumanidagi Tiklanish mahallasigacha. Yo‘nalish masofasi — 5,8 kilometr;


Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Eko bozor"dan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek shaharchasigacha. Yo‘nalish masofasi — 12,5 kilometr.

Avvalroq Spot Toshkent metrosida FacePay tizimi sinov tariqasida ishga tushirilganligi haqida yozgan edi.