Qozogʻistonning Astana Motors kompaniyasi Oʻzbekistonda Hyundai avtomobillarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin maʼlum qildi.

Bu haqda 26-noyabr kuni Turkistonda boʻlib oʻtgan ikki davlat mintaqalararo hamkorlikning uchinchi forumi paytida aytildi. Maʼlum boʻlishicha, Astana Motors kompaniyasi Hyundai ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadigan zavod qurish masalasini oʻrganmoqda.

Yigʻish tsexi Jizzaxda boʻlishi kutilmoqda — u yerda erkin iqtisodiy zona joylashgan. Shaharda allaqachon ADM Jizzax zavodi mavjud boʻlib, u yerda Kia, Renault va LADA avtomobillari yigʻiladi. Jizzaxda Volkswagen va Skoda avtomobillarini yigʻish ham tashkil etilgan.

2018-yilda Astana Motors Oʻzbekistonda Hyundai avtomobillarini sotishni tashkil etishga kelishib olgandi. Hyundai Auto Asia qoʻshma korxonasining birinchi dilerlik markazi 2019-yil yanvar oyida ochilgan.

Savdo hajmi hali nisbatan kichik boʻlsa-da, Astana Motors Oʻzbekiston bozorining istiqbollarini qayd etdi. Oʻzbekistonda faoliyat yuritishining birinchi yilida kompaniya 244 ta Hyundai avtomobilini sotgan boʻlsa, 2020-yilda esa bu koʻrsatkich 3,5 ming donani tashkil etgan.

Hozirda Astana Motors-ning Oʻzbekistonda 10 ta dileri bor. 2021-yil oxiriga kelib kompaniya dilerlik tarmogʻini 13 punktgacha kengaytiradi.

Astana Motors rahbari Nurlan Smagulov avvalroq Oʻzbekiston avtomobil bozorini qulay deb atagan edi:

“Bu qiziq bozor, biz u yerda oʻzimizni qulay his qilamiz. Ularning oʻz qonunlari va oʻz ishlab chiqaruvchilarining himoyasi bor. Biz mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan integratsiya masalalarini muhokama qilmoqdamiz “, dedi u yil boshida.

Qozogʻiston allaqachon Oʻzbekiston bilan avtomobilsozlik sohasida qoʻshma korxonaga ega. 2018-yilda “СарыаркаАвтоПром” negizida MAN yuk avtomobillari va avtobuslarini ishlab chiqarish, 2019-yilda esa Chevrolet avtomobillarini yigʻish yoʻlga qoʻyildi.