Alisher Jumaniyozov — marketolog va tadbirkor. U marketingdagi ish faoliyatini 2013-yilda boshlagan, o’sha kezlarda kompaniyalar bu sohaga yetarlicha e’tibor qaratishmasdi.

Tadbirkor o’tgan yillar davomida hamkorlar bilan birgalikda bir nechta loyihalarni amalga oshirdi — Rock’n’Roll media reklama agentligi, internet-nashrlar — Citizen va VOT, “Qozon” oshpazlik maktabi, Alpha Education biznes maktabi, Alif ingliz tili o’quv markazi va Tony brendi ostidagi liboslar.

Alpha asosiy biznesga aylandi, buning uchun jamoa deyarli barcha loyihalaridan voz kechdi. E’tiborlisi, maktab kurslar haqidagi oddiy g’oyadan, hozir mavjud bo’lgan maqsad va falsafalarsiz o’z-o'zidan o’sib bordi.

“MyTaxini bozorga qanday olib kirganimizni yaxshi eslayman, shuningdek, 18+, Kippers, Uzbat, „АвтоГАЗ“ kabi yirik brendlar bilan ishlashga muvaffaq bo‘lganmiz. Har xil loyihalar uchun marketing va reklama qilish, turli tadbirkorlar bilan muloqot qilish orqali biz hamma qanday ishlashi kerakligi haqida tajriba va tushunchaga ega bo’ldik. 2016-yilda o‘zimizning birinchi haqiqiy biznesimiz — Alpha Educationni ishga tushirgandik”, — deydi Alisher.

Dastlabki bosqichda yangi ochilgan guruh ikki kishidan iborat edi, bugungi kunda talabalar soni oyiga 200−300 nafarga yetdi. Endi boshlang’ich marketologlar maktabining yangi guruhi yiliga ikki marta emas, balki har oyda ishga tushiriladi.

Alisherning soʻzlariga koʻra, oʻsha paytda bozorda raqobatchilar deyarli yoʻq edi va shu bilan birga, odamlar kurslarga jiddiy taʼlim sifatida qaramasdi va ularda ma’lum bir spektitsizm (shubha) bor edi.

“Aytishim kerakki, o’zimiz ham bir yillik faoliyatimizdan keyingina Alpha — bu marketing, menejment, savdo va moliya kurslari bo’lgan biznes-maktab ekanligini anglab yetdik. Shu kungacha o’sishda davom etmoqdamiz, insonlarga kelajakka qadam qo’yishga imkon beradigan ekotizim yaratish biz uchun muhim”, — deydi tadbirkor.

Alisher va uning sheriklari birgalikda yillar davomida turli past-balandliklar o’tib kelishdi va shu orqali biznesga kirib kelishdi.

1. Aynan bitta narsaga e’tibor qaratilmagan

Biz uch yil davomida bir vaqtning o’zida bir nechta loyihalar ustida ishladik. Alphadan tashqari, Citizen internet-nashrini, “Qozon” oshpazlik maktabini, Tony va Topchan kiyim brendlarini ochdik va marketing agentligi bilan shug’ullanishni to’xtatmadik.

Alpha Educationga vaqt va e’tibor har doim yetarli bo’lmagan. Biz hech qanday loyiha ustida ishlamagan, bo’sh paytlarimizda ham unga jiddiy e’tibor qaratmaganmiz.

Oradan 3 yil o’tib, faqat bitta narsaga e’tibor qaratish to’g’ri yo’l ekanligini tushundik — shuning uchun ta’lim sohasiga sho‘ng‘ib, tizimni qurishga kirishdik va jamoani kuchaytirish ustida ishlay boshladik.

2019-yilda Alphaning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha taklif va g‘oyalarga “yo‘q” deb javob berishga kelishib oldik, shuningdek, agentlik, jurnal va kiyim brendini yopdik. Va o’sha paytdan boshlab ilgari erishmagan natijalarimizni qo’lga kiritishni boshladik.

2. Bizga mos kelmagan odamlarni ishdan bo’shatish uchun uzoq vaqt sarflab yubordik

Har doim juda mehribon bo’lganmiz. Biz uchun inson o’zi yoqtirgan narsani o’zi xohlagandek qilishi muhim. Ammo shunday paytlar ham bo‘ldiki, kompaniyaning mehnat tamoyillari, madaniyati va falsafasi ayrim xodimlarning qarashlari bilan to‘g‘ri kelmadi.

Biz odam o’zgaradi, degan umidda sabr qilib, ko’p kuch va vaqt sarflab yubordik. Biroq bir muncha vaqt o’tgach, madaniyat bobida mutlaqo boshqa odamlar ekanligimizni va jamoaning boshqa a’zolari bundan aziyat chekayotganini angladik.

Ajralish (xayrlashish)ni kechiktirish yaxshi variant emasdi, chunki bu bizning rivojlanishimizga to’sqinlik qildi.

Hozirgi paytda jamoa o’xshash prinsip va qadriyatlarga ega bo’lgan odamlardan iborat bo’lsa, umumiy maqsadga birgalikda erishish va yo’limizdagi har qanday qiyinchiliklarni yengish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solamiz.

Natijada, biz bilan birga bo’lishni xohlamaganlar bilan tezda xayrlashishni o’rgandik.

3. Oldimizga juda katta maqsadlarni qo’ydik

Men Apple yoki Google bilan teng keladigan darajadagi global kompaniya qurishni orzu qilishda yomon narsa ko’rmayman. Ammo siz juda kichik narsa bilan boshlaganingizda, u sizni qaysidir bosqichgacha ilhomlantirishi mumkin, ammo keyin bu so’nishga olib keladi.

Odamlar har doim kichik g’alabalarni xohlashadi, chunki ular har kuni o’z maqsadlariga erishish uchun harakat qilishadi. Biz ham dastlab katta maqsadlarni qo’yganmiz, lekin bu juda ko’p kuch talab qildi.

Xato shundaki, biz shuhratparast edik, hali ham shundaymiz. To‘g‘ri, endi bundan tashqari, yil, chorak va oy uchun ham aniq maqsadlarimiz bor. Bularning barchasi jamoaga yo’lni aniq ko’rish va natijalar bilan tanishib boorish imkonini beradi.

4. Analitika (tahlil) va rejalashtirish yo’q edi

Bizda unchalik ko’p talabalar bo’lmagan va o’zimiz hali tajribasiz bo’lgan davrda bu unchalik ta’sir qilmagan. Ko’pincha intuitiv harakat qilinardi va muammolar yuzaga kelgachgina hal etilardi.

Ammo jamoamiz safi kengayishni boshlaganidan so’ng tahlil va rejalashtirishsiz rivojlanishdan to’xtashimizni va oldini olish mumkin bo’lgan ko’plab xatolarga yo’l qo’yayotganimizni his qildik.

2021-yilga yangicha yondashuv bilan kirishga qaror qildik — butun jamoa bilan strategik sessiyalar o‘tkazdik, maqsadlarni belgilab oldik va barcha bo‘limlar rahbarlari bilan birgalikda reja tuzdik.

Bu yil hammasini a’lo darajada bajardik deb ayta olmayman — ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik va barchasini amalga oshira olmadik. Ammo biz shubhasiz, yanada samaraliroq va donoroq shaxsga aylandik, deyarli barcha jarayonlarga tahlillarni joriy qildik va rivojlanishimizga imkon beradigan turli xil ma’lumotlarni kuzatishni boshladik.

5. Alpha’ga biznes sifatida qaramadik

Biz pul ishlashga intilmagan tadbirkormiz. Har doim ajoyib, qiziqarli va yangi narsalarni qilishni yoqtirardik. Va bizga natijalar emas, balki jarayonning o’zi ma’qul kelardi. Bu oxir-oqibat loyihaga zarar keltiradigan narsa bo’lib chiqdi.

Endi biz daromadlar va moliyaviy oqimlar biznes muvaffaqiyatining ko’rsatkichi va uning yanada o’sishi, rivojlanishi imkoniyatlari ekanligini tushunamiz.

Biz har qanday usulda pulga ega bo’lishni maqsad qilgan kompaniyaga aylanganimiz yo’q, albatta. Biz uchun ta’lim sifati va tinglovchilarimiz birinchi o’rinda turadi.

Biroq shu bilan birga, hozirda kompaniyada moliya bo’limi barcha jarayonlarda ishtirok etadi, bu esa bizga oqilona qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Ushbu yilda ko‘p narsalar ustida bosh qotirdik va 2022-yilda ko’plab insonlarga zamonaviy, samarali ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadigan Alpha 3.0 ni ishga tushirishga tayyorlanmoqdamiz.