Oʻzbekistonda onlayn-banking xizmatidan foydalanuvchilar soni oʻsishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

1-dekabr holatiga koʻra, masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 20 milliondan oshdi.

Respublikada bankomatlar soni 2020-yil darajasiga nisbatan 10% ga oshdi. Hozirda mamlakatimizda 12 814 ta bankomat oʻrnatilgan.

Bundan tashqari, muomalada 26,5 million donadan ortiq bank kartalari mavjud boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 500 mingtaga koʻpdir.

Oʻzbekiston 2018-yilda raqamli bankingni rivojlantirishga yoʻl oldi. Bundan koʻzlangan maqsad barcha bank xizmatlarini masofaviy qilish — tadbirkorlar ham, aholi ham ularni telefon yoki internet orqali olish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.

COVID-19 pandemiyasi masofaviy bank xizmatlariga oʻtishni sezilarli darajada tezlashtirdi. 2020-yilda bankomatlar soni 33% ga, bank kartalari soni 27% ga oshdi. Bundan tashqari, toʻliq raqamli banklar (TBC UZ, Anorbank) paydo boʻldi va anʼanaviy banklar onlayn xizmatlar takliflarini kengaytirdi.

2021-yil oktyabr oyida Markaziy bank banklarga mijozlarni masofadan aniqlashga ruxsat berdi. Bu esa mijozlarga ilgari xizmat koʻrsatilmagan banklarda ham masofaviy xizmatlardan foydalanish imkonini berdi.