Oʻzbekiston tabiiy gazni xorijga eksport qilishni butunlay toʻxtatdi, deb xabar berdi “Interfaks” Energetika vazirligiga tayanib.
Hozirda Rossiyaga gaz yetkazib berish amalga oshirilmayapti va bu jarayonni 2022-yilda qayta tiklash rejalashtirilmagan, deya qoʻshimcha qildi vazirlik. Butun hajm ichki isteʼmolning mavsumiy choʻqqisini qoplashga qaratilgan.
Gazprom maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2018-yilda Rossiyaga 3,8 mlrd kub metr gaz sotgan boʻlsa, 2019-yilda bu hajmni 4,9 mlrd kub metrga yetkazgan. Biroq 2020-yilda zangori yoqilgʻining Rossiya yoʻnalishiga eksporti toʻxtatildi va Oʻzbekiston uni eksport qiluvchidan import qiluvchi davlatga aylandi.
Shu bilan birga, Xitoyga eksport oʻsdi. XXR bojxona boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda 3,27 mlrd kub metr, 2021-yilning 10 oyida esa 4,02 mlrd kub metr zangori yoqilgʻi yetkazib berilgan.
BP statistik maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2020-yilda gaz qazib olish 18% ga kamaygan. Agar 2019-yilda 57,3 mlrd kub metr ishlab chiqarilgan boʻlsa, bir yildan soʻng 47 mlrd kub metrga yetdi. Shu bilan birga, isteʼmol atigi 3,4% ga — 44,4 mlrd dan 43 mlrd kub metrga qisqardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil oxirida Uzbekistan GTL zavodining ochilish marosimida gaz xorijga sotilishi oʻrniga oʻzimizda qayta ishlanishi, xalq manfaat koʻrishini aytgan edi.