Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarish va foyda koʻrsatkichlarini yangiladi. Bu haqda korxona matbuot xizmati rahbari Umida Qarshiboyeva maʼlum qilgan.

2021-yilda kombinatda 30,7 trln soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, maqsadli koʻrsatkichlar 17,6%ga ortigʻi bilan bajarildi. Mis boʻyicha reja toʻliq bajarildi (148,5 ming tonna).

Bundan tashqari, OKMK kutilganidan 17,2% ga koʻp oltin va 63,6% ga koʻp kumush ishlab chiqardi. Rux ishlab chiqarish 90 ming tonnani tashkil etib, belgilangan rejadan 19% ga oshib ketdi.

Zavodda $467,8 mln lik sarmoya oʻzlashtirildi. Mablagʻlarning asosiy qismi 2024-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan “Yoshlik-1” koniga yoʻnaltirildi. Shuningdek, $52,5 mln lik ishlab chiqarish quvvatlari rekonstruksiya qilindi, ularni kengaytirishga yana $10 mln sarflandi.

Korxona yangi eksport rekordini oʻrnatdi, xorijga $1,1 mlrd lik mahsulot yetkazib berildi, belgilangan koʻrsatkich 42% ga ortigʻi bilan bajarildi.

OKMKning 2021 yildagi sof foydasi ham rekordni yangiladi (5,32 trln soʻm). Bu 2020-yilga nisbatan 36% ga (3,9 trln soʻm) va pandemiyadan oldingi 2019-yilga nisbatan 2,2 baravarga koʻp boʻldi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda misdan olinadigan daromad haqida yozgan edi.