Spot ilgari yozganidek, oʻtgan yilning noyabr oyida SES 175 ta tashkilotni emlanmagan xodimlar tufayli vaqtincha yopib qoʻygan edi. 2 mingdan ortiq ish beruvchilar emlanmaganlarni ishga qabul qilganliklari uchun jarimaga tortildi.

Avvalroq Covid-19 ga qarshi kurash boʻyicha maxsus komissiya karantin choralarini kuchaytirish boʻyicha qaror qabul qilgani maʼlum boʻlgan edi. Xususan, emlanmagan xodimlarni ishga joylashtirishga ruxsat bergan tashkilot rahbarlari javobgarlikka tortilishi haqida maʼlum qilindi.

Bunday kompaniyalar ishi toʻxtatilmaydi, dedi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Anvar Alimov 10-yanvar, dushanba kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumani chogʻida.

“15-yanvarga qadar barcha kompaniyalar majburiy emlash haqida xabardor qilinadi. Emlanmagan xodimlari bor tashkilotlar masofadan ishlashga yuboriladi. Yaqin besh kun ichida ishchilari birinchi vaksina oladigan muassasalar avvalgidek ishlashda davom etishlari mumkin”, — dedi Alimov.

Shuningdek, u sogʻligʻi sababli emlash uchun kontrendikatsiyaga ega boʻlganlar masofaviy ishlashga oʻtishlari kerakligini qoʻshimcha qildi.

Jazo choralari qoʻllanilmaydi, dedi Sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi va sogʻliqni saqlash xizmatining birinchi oʻrinbosari Xolmamat Norboyev.

“Bugungi kunda 78 ta bayonnoma asosida qoʻllanilgan jarimalar oʻz kuchini yoʻqotdi. Yaqin kelajakda faqat xabar berish kampaniyasini oʻtkazishga qaror qilindi. Qonun hujjatlari darajasida jarimalar mavjud emas. Har bir fuqaro tinchligi va farovonligini saqlashga koʻmaklashish asosiy vazifamizdir. Biz bunday qiyin davrda biznesning ishini ogʻirlashtiradigan maqsadlarga intilmaymiz”, — dedi u.

Ish beruvchilarga emlanmagan xodimlarning ishlashini oldini olishga ruxsat beruvchi qonun 2021-yil avgust oyi boshida qabul qilingan edi.