Google kompaniyasining bosh kompaniyasi Alphabet oʻzining toʻrtinchi choragi va umumiy yil haqida hisobot berdi. Operatsion foyda oʻtgan chorakda 29% ga oshib, $21,8 mlrd ga, yil davomida esa 31% ga oshib, $78,7 mlrd ga yetdi.

Toʻrtinchi chorakdagi daromad esa 32% ga oʻsib, $75,33 mlrd ni, yil davomida — 41% ga oʻsib, $257,6 mlrd ni tashkil etdi.

Google eng koʻp daromadni reklamadan oldi ($61, 2mlrd), bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 33% ga koʻp. Chorakda YouTube reklamasidan tushgan daromad $8,6 mlrd, qidiruvdan tizimlaridan esa $43,3 mlrd ni tashkil etdi.

Google Docs va Spreadsheets kabi tahlil platformalari va hamkorlik vositalarini oʻz ichiga olgan Google Cloud daromadi 45% ga oʻsib, $5,54 mlrd ni tashkil etdi.

Shuningdek, kompaniya 2022-yil iyul oyida har bir investor oʻziga tegishli boʻlgan toifadagi har bir ulush uchun 19 ta qoʻshimcha aksiya olishini anglatuvchi loyiha haqida maʼlum qildi. Bu bilan Google ikkinchi marta aksiyalarni taqsimlamoqda, birinchisi 2014-yilda, Alphabetga oʻtishdan oldin boʻlgan edi, deb qayd etadi CNBC.