Prezidentning “Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.

Texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • yuqori qiymatga ega boʻlgan, tashqi bozorda xaridorgir va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;
  • xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;
  • Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish;
  • Texnopark ishtirokchilari oʻrtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini oʻrnatish orqali mahalliy xomashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
  • Texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni koʻrsatish infratuzilmasini yaratish.

Texnoparkning faoliyat koʻrsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi.

Texnopark hududida MIZ uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Bunda, Soliq kodeksi va “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida"gi Qonunda belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar Texnopark ishtirokchilari, Direksiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qatʼi nazar 10 yil muddatga beriladi.

Texnopark ishtirokchilariga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:

  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50%igacha, biroq 8 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda kafilliklar;
  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.