Microsoft endigina Windows 11 operatsion tizimi uchun yangi funksiyalarni ishga tushirishga hozirlanayotgan bir paytda, ishqibozlar OTning sir tutilgan xususiyatlarini fosh etishdi.

Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Microsoft Windows 11 uchun yangi eksperimental funksiyalarni ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida maʼlum qilgan, biroq oʻshanda tafsilotlarni oshkor qilmagan edi.

Kashf etilgan yangiliklardan biri — Windows 11 da ish stoli fon rasmlariga qoʻshilishi mumkin boʻlgan stikerlardir. Foydalanuvchilar odatda xabar almashish ilovalarida topiladigan stikerlarni tanlashlari mumkin boʻladi. Ushbu stikerlarni ish stoli orqali ham tahrirlash mumkin.

Yana bir yangilik — bu planshet rejimi. Kompaniya Windows 11 da anʼanaviy planshet rejimining koʻp funksiyalaridan voz kechgandi, ammo vaziyat tez orada oʻzgarishi mumkin. Xususan, vazifalar panelida “Qurilmani planshet sifatida ishlatishda vazifalar panelini avtomatik yashirish” nomli yangi parametr paydo boʻladi.

Bundan tashqari, sozlamalarda yangi “Ekologiyaviylik” boʻlimi mavjud, u qurilma uchun energiyani tejash va qayta ishlash imkoniyatlari boʻyicha tavsiyalar beradi.

Bu funksiyalar hozircha Windows 11 sinab koʻruvchilarining koʻpida mavjud emas va Microsoft hali ularning mavjudligini rasman tan olgani yoʻq. Yaqin vaqtlarda keng koʻlamli sinovlar boshlanishi kutilmoqda.