Prezident qarori bilan Oʻzbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022−2026-yillarga moʻljallangan dastur tasdiqlandi.

Dastur chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.

Uning ustuvor yoʻnalishlari:

  • aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish;
  • tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yoʻlga qoʻyish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi choralarni koʻrish;
  • chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish, ushbu sohaga zamonaviy bozor tamoyillarini keng joriy etish;
  • chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmogʻini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya hamda xorijiy kapital oqimini koʻpaytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;
  • chorva mollari mahsuldorligini oshirish va ajratilgan maydonlardan unumli foydalanishni taʼminlash maqsadida bir gektar sugʻoriladigan va lalmi yer maydoni hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar meʼyorlarini ishlab chiqish.

Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022-yilda Jahon bankining $300 mln miqdoridagi kredit mablagʻlarini jalb etish rejalashtirilmoqda.

Avvalo Spot Fransiya bilan hamkorlikda chorvachilikni rivojlantirishga 100 mln yevro ajratilishi haqida yozgan edi.