Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022-yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishda oshib borayotgan ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda kamida 160 mingta avtomobil ishlab chiqarish lozimligi taʼkidlandi.

Yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlarni oʻz vaqtida yetkazib berish boʻyicha nazorat oʻrnatish topshirildi.

“Shu bilan birga, aholimiz avtomobil bozorida takliflarni keskin oshirish boʻyicha amaliy natijalarni hozir kutmoqda”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30% dan 15% ga) pasaytirish boʻyicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berildi.

Soha rahbarlariga 2022-yilda:

  • tannarxni kamida 5% ga kamaytirish, $100 mln lik import oʻrnini bosish;
  • 23 loyiha doirasida 600 turdagi butlovchi qismlarni oʻzlashtirib, mahalliylashtirishni 48% dan 56% ga oshirish;
  • $336 mln lik investitsiyalarni oʻzlashtirib, 3 ta loyihani (“Tracker”, “Onix” va yangi dvigatellar ishlab chiqarish) ishga tushirish lozimligi koʻrsatildi.

Shuningdek, 1-mayga qadar avtomobil uchun oldindan toʻlov miqdorini 50% gacha pasaytirish va navbatlarni toʻliq bartaraf etish vazifasini qoʻyildi.