Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022-yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev sohaga masʼul “Oʻzavtosanoat” AJ raisi Sh.Umurzoqovga ishlab chiqarishni oshirish va aholimizning talabini toʻliq qondirish boʻyicha tinimsiz ishlashi shartligi koʻrsatib oʻtdi.

Shuningdek, jahonda mikrochiplar ishlab chiqarish va xalqaro logistika bilan bogʻliq muammolardan kelib chiqib yangi yondashuv va yechimlar topish zarurligi aytildi.

Bu borada, besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobil ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, eksportini esa 2 barobarga oshirish belgilab olingan.

Shu munosabat bilan 1-mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni toʻliq bartaraf etish, “UzAuto Motors” avtomobillari uchun oldindan toʻlov miqdorini 85% dan 50% gacha pasaytirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, Sh.Umurzoqov zimmasiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yoʻlga qoʻyib, sunʼiy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.