Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni “Byudjet mablagʻlari sarfi samaradorligini oshirish va moliyaviy nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida"gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga koʻra, Moliya vazirligi tuzilmasida Moliyaviy nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi tashkil etilmoqda.

Qurilish uchun ajratilgan smetaning bajarilgan ishlar hajmi va sifatiga muvofiqligini tekshirish yangi organning vazifalaridan biri boʻladi. Shu maqsadda inspeksiya doirasida qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovlarini oʻtkazish boʻlimi tashkil etilmoqda.

1-apreldan boshlab moliyaviy nazorat doirasidagi huquqbuzarliklar (masalan, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish) haqida xabar bergan shaxslar mukofotlanadi.

1-noyabrdan inspeksiya xodimlariga, shuningdek, ichki audit boʻyicha mutaxassislarga malaka sertifikatlarini berish tizimi yaratiladi.

Shu kunga qadar inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit boʻyicha xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan maxsus oʻquv kurslarini tamomlagan boʻlishi kerak.

2023-yil 1-yanvarga qadar “Elektron inspektor-nazoratchi” dasturiy majmuasini toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.